группа Ёшлар - Yoshlar guruhi
"Yoshlar" guruhi 1999 yil tashkil topgan bo'lib, o'sha davrda guruh a'zolari 3ta aka-uka Dilshod, Dilmurod va Furqat Qurbonovlardan iborat edi. Aynan guruh tashkil etish tashabbusi aka-ukalarning kattasi, guruhning musiqiy-badiiy rahbari Dilshod Qurbonov tomonidan ilgari surilgan. Bu guruh o'zining "Bu yoshlik" nomli ilk qo'shig'i bilan muxlislar nazariga tushgan. Ilk qo'shiqning muvaffaqiyatidan ilhomlangan guruh a'zolari ketma-ket bir-biridan ajoyib taronalar ijro eta boshlashdi. Qisqa muddat ichida guruhning mavqei ortib borib, ularga O'zbekistonning barcha hududlari, qolaversa xorijiy davlatlardan gastrol safarlari uyushtirish taklifi tusha boshladi.
"Yoshlar" guruhi o'zining ilk albomini 1999 yilda chiqargan bo'lib, albom "Bu yoshlik oltin lahzalar" deb nomlangan. Ilk albomga bo'lgan qiziqish yuqoriligini ko'rgan guruh ijodkorlari, tinmay izlanib 2000 yilda o'zlarining "Jonim bo'ling" nomli navbatdagi audio albomini keng ommaga taqdim etadi. 2001 yildan guruhda biroz sukunat sezila boshladi. Buning sababi esa aka-uka Qurbonovlar o'z bilimlarini orttirish yo'lida ko'proq vaqtlarini sarflaganliklaridadir, Zero, har bir yutuq zamirida bilim katta ahamiyatga egadir. Aka-ukalarning kattasi, ya'ni Dilshod Qurbonov Muxtor Ashrafiy nomidagi Toshkent Davlat Konservatoriyasining Bastakorlik fakultetini Aspiranturasini tamomladi.
Dilmurod Qurbonov ham Muxtor Ashrafiy nomidagi Toshkent Davlat Konservatoriyasining An'anaviy bo'limi sozandalik-g'ichchak yo'nalishi bo'yicha Magistraturasini yakunladi. Aka-ukalarning kichigi Furqat Qurbonov Muxtor Ashrafiy nomidagi Toshkent Davlat Konservatoriyasining Ovoz rejissorligi fakultetini Bakalavr bosqichini bitirdi. 2005 yilda "Yoshlar" guruhi Estrada yo'nalishi bo'yicha "Nihol" Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Bu mukofot guruh yigitlariga yanada katta ma'suliyat yukladi va "Yoshlar" guruhi yanada shiddat bilan ijod qilib, o'zlarining navbatdagi musiqiy albomini keng ommaga taqdim etdi. Mazkur albom "Chiroylisan" deb nom oldi. Xorijiy davlatlardan tushgan gastrol safarlari taklifi bo'yicha "Yoshlar" guruhi bir muddat xorij davlatlarida o'z ijodlarini namoyish etib qaytdilar. 2009 yil guruh tarkibida o'zgarish yuz berdi.
"Yoshlar" guruhi Nodir Eshonxo'jaev prodyuserligi ostida o'z ijodini davom ettirishga kelishib oldilar. Shu orada guruh ijodiy tarkibi ham biroz o'zgarib, aka-ukalarning kichigi Furqat Qurbonov o'z mutaxassisligi bo'yicha faoliyatini davom ettish maqsadida "Antaris Records" studiyasini tashkil etdi. Guruh tarkibiga esa yangi sozandalar jalb etildi. Shuningdek, bek-vokal ijrochi qiz ham guruh tarkibiga kelib qo'shildi. Hozirda "Yoshlar" guruhi o'z ijodida tub burilish yasagan holda, xorij tillarida ham qo'shiqlar ijro etib kelmoqdalar. Yana bir e'tiborli jihati guruh ijodkorlari deyarli barcha tadbirlarda jonli ijroda o'z ijodlarini namoyish etmoqdalar.
Так же можно войти или пройти регистрацию