Surxon guruhi
Guruhlar

Surxon guruhi

Ташкент
surxon@mail.ru
Tavsiflar

Сурхон гурухи

 

Surxon guruhi 1999 yil tashkil etildi va ijodiy faoliyat ko’rsatib kelmoqda. «Surxon» guruhi O’zbekiston qo’shiqchilik san’atiga janubiy hududlar – Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining o’ziga xos musiqiy merosini olib kirdi. «Surxon» guruhi bu yo’lda birinchilardan bo’lib ish boshlagan va uni estradamizda yangi yo’nalish darajasiga ko’tara olgan guruhlardan biridir. «Surxon» guruhi zamonaviy o’zbek qo’shiqchiligida yangi yo’nalishning asoschisi ekani keng jamoatchilik va san’at ahli tomonidan tan olingan.

«Surxon» guruhi dastlab olti kishi, Mahmud Nomozov, Arkadiy Nam, Ilhom Mamataliev, O’ktam Xakimov, Odiljon Karimov va To’lqin Fayzievlardan tashkil topdi.

2002 yil dekabr oyida «Surxon» guruhi Hindistonga (Dehli, Bombey, Trivandrum, Chinay, Andaman va Nikobar orollari) gastrol kontsert safarlariga borib keldi.

2003 yil sentyabr oyining birinchi o’n kunligida «Surxon» guruhi Shveytsariya(Davos, Altendorf)da bo’lib qaytishdi.

2003 yil yakunida guruhga o’zining sozi va mehnatlari bilan o’z hissasini qo’shgan sozanda O’ktam Xakimov o’zini prodyusserlik sohasida sinab ko’rish maqsadida boshqa guruhda ish boshladi. «Surxon» guruhi qolgan besh kishilik tarkib bilan o’z faoliyatida davom etdi.

2004 yil may oyida «Surxon» guruhi Germaniya (Berlin, Frankfurt va Potsdam)da gastrol safarlarida bo’ldilar.

2005 yil «Surxon» guruhi «Tarona» taqdimotida «Yilning eng yaxshi milliy estrada guruhi» nominatsiyasini qo’lga kiritdi.

2007 yil 13-22 yanvar kunlari Turkiya (Antaliya va Istanbul)da o’z san’atlarini namoyish etib kelishdi. 2007 yil 26 fevral -3 mart kunlari Hindiston(Dehli va Agra)da gastrol safarlarida bo’lib keldilar.

2009 yil may oyida «Surxon» guruhi Janubiy Koreya davlati poytaxti Seul shahrida gastrol-kontsert safarida bo’lib u yerdagi barcha tinglovchilarni o’zbek san’atiga oshno qilib qaytishdi.

«Surxon» guruhi 1999 yildan buyon «Turkiston» va «Istiqlol» san’at saroylarida har yili o’zining hisobot kontsertlarini o’tkazib kelmoqda. «Surxon» guruhi 10 yil davomida 11 ta albomni muxlislarga havola etdi. «Surxon» guruhi ijrosidagi yuzlab qo’shiqlar audio, video, SD va DVD disklarida yuz minglab nusxada tarqalgan.

«Surxon» guruhi tarkibidagi xonanda Mahmud Nomozov 2009 yil sentyabr oyiga qadar guruhda solist sifatida faoliyat ko’rsatib keldi. Mahmud Nomozov «Surxon» guruhida faoliyat ko’rsatib 2000 yil O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist, 2008 yil esa O’zbekiston xalq artisti unvonlariga ega bo’ldi. U 2009 yil sentyabr oyidan boshlab o’z ijodini yakkaxon xonanda tarzida davom ettira boshladi.

«Surxon» guruhi 2009 yildan boshlab O’zbekiston Respublikasi Madaniyat va Sport ishlari vazirligi Badiiy jamoalar ijodiy birlashmasi safiga kelib qo’shildi.

«Surxon» guruhi o’zining faoliyatini quyidagi tarkibda davom ettirib kelmoqda:

Ilhom Mamataliev - bastakor va prodyuser. «Surxon» guruhi dasturidagi ko’plab qo’shiqlarning muallifi. Uning ijodiga mansub musiqiy kompozitsiyalar nafaqat «Surxon» guruhi, balki mamlakatimizdagi boshqa ko’pgina taniqli san’atkorlar tomonidan ham ijro etilgan. San’atga endi qadam qo’yayotgan yosh ijrochilarga yaqindan yordam berib turish, ularga maslahat berish va ular bilan ijodiy hamkorlikda bo’lib turishni o’zining burchi deb biladi. U Surxondaryo viloyati Muzrabod tumanida tavallud topgan.

To’lqin Fayziev (To’lqin Fayz) – xonanda va sozanda. O’zbek mumtoz, estrada va folklor qo’shiqlarini mohirona kuylashdan tashqari zarbli cholg’ularni mahorat bilan ijro etadi. To’lqinning musiqaga bo’lgan qobiliyatining ajoyibligi uning san’atkorlar oilasida tug’ilganligi bo’lsa ajab emas. U Surxondaryo viloyati Muzrabod tumanida tavallud topgan.

Odiljon Karimov (Odil Karim) – xonanda va sozanda. U folklor, o’zbek mumtoz, estrada va chet el qo’shiqlarini mohirona kuylaydi. Bundan tashqari barcha xalq cholg’u asboblarini, shuningdek etno cholg’ular bo’lgan do’mbira, chanqovuz, sibiziq, shullovik, sopol naylarning mohir ijrochisi. U Surxondaryo viloyati Sho’rchi tumanida tavallud topgan.

Arkadiy Nam (Aliakbarxon) – xonanda va sozanda. Millati koreys bo’lishiga qaramasdan, nafaqat o’zbek tilida balki ko’plab chet tillarda ham bemalol qo’shiq ayta oladi. O’zbek tilida bemalol muloqot qiladi, o’zbek milliy san’atini juda qadrlaydi. Mohir gitarachi, bir necha torli cholg’ularda ijro eta oladi, shu bilan birgalikda «Surxon Group» MCHJ direktori. U Toshkent shahar Bektemir tumanida tug’ilgan.

2009 yil 12 noyabrda guruh o’zining yangi «Mard yigitlar o’ynasin» deb nomlangan MP3+bonus kliplar albomini sotuvga chiqardi. «Adosiman», «Sunbul sochlar», «Hazil qo’shiq», «Husningga hayron», qo’shiqlariga videoklip suratga olindi. 2009 yil 16 dekabr Istiqlol san’at saroyida «Surxon» guruhi o’zining «Mard yigitlar o’ynasin»(«Surxon» guruhi va do’stlari) deb nomlangan 10 yillik yubiley-kontsertini o’tkazdi.

«Surxon» ansambli mamlakatimiz bo’yicha keng nishonlanadigan Mustaqillik va «Navro’z» bayramlari, davlat miqyosida o’tkaziladigan badiiy tadbirlarning doimiy ishtirokchisi. Guruh repertuarida o’nlab tildagi qo’shiqlar bor. 2010 yil yanvar oyida guruh o’zining «Mard yigitlar o’ynasin» deb nomlangan 10 yillik yubiley-kontsert DVD albomini chiqardi. 2010 yil 8-16 aprel kunlari Malayziya davlatining Melaka shahrida bo’lib o’tgan XII Nusantara festivalida muvaffaqiyatli ishtirok etib tadbirning maxsus sertifikatiga ega bo’ldi.

2010 yil aprelda guruh o’zining yangi «Sirg’ali qiz» deb nomlangan MP3 albomini taqdim etdi. 2010 yil mayda guruh o’zining yangi DVD Kliplar to’plamini sotuvga chiqardi. 2010 yil iyun oyining birinchi o’n kunligida Germaniya davlatining Berlin, Shtrausburg va Gissen shaharlarida bo’lib o’tgan O’zbekiston madaniyati va iqtisodiyoti kunlari tadbirlarida o’z kontsert dasturlarini namoyish etib kelishdi. 2010 yil iyulda guruh o’zining «Sirg’ali qiz» deb nomlangan audio CD albomini taqdim etdi.

2010 yil sentyabr oyining uchinchi o’n kunligida Malayziya davlatining poytaxti Kuala-Lumpur shahrida bo’lib o’tgan O’zbekiston Mustaqilligi kunlarida o’z san’atlarini namoyish qilishdi. Guruh Kuala-Lumpur shahri merining maxsus taklifiga binoan ham Malayziyalik san’atkorlar bilan birgalikda kontsert dasturlarini namoyish etishdi.

2010 yil oktyabrda guruh o’zining yangi «Shodiyona» deb nomlangan MP3 albomini taqdim etdi. «Surxon» guruhi qo’shni Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Rossiya respublikalarida ham san’atlarini namoyish etib kelishmoqda. Guruh yigitlari Konstitutsiya kuniga bag’ishlab o’tkazilgan kontsertda «Begoyim» qo’shig’ini ijro etishdi va undan tashqari 2010 yil davomida poytaxtda hamda viloyatlardagi ko’plab tadbirlarda qatnashib o’z muxlislarini xushnud etishdi.

2011 yilning mart oyida guruh o’zining yangi «Yorim kel» deb nomlangan CD , MP3 albomlarini hamda DVD kliplar to’plamini muhlislarga havola etdi. Ayni paytda guruh dasturida yuzga yaqin qo’shiq va ko’plab kliplar mavjud, jumladan «Adosiman», «Sunbul sochlar», «Hazil qo’shiq», «Husningga hayron», «Sirg’ali qiz», «O’yna sanam», «Oy yuzlaring», «Mard yigitlar», «Aylanayin muhabbat», «Begoyim», «Zuhro», «Vatanim», «Gadis Mlayu»(Malaylik qizga), «Qoshu-ko’zing», «Yorim kel», «Yoroney» kabi. Hozirgi vaqtda guruh a’zolari ushbu yilda bo’lib o’tadigan kontsertga va davlat tadbirlariga tayyorgarlik ko’rishmoqda.

O'z fikringizni birinchilardan bo'lib qoldiring.

Izoh qoldiring